Is gazidan ogoh bo`ling!

0

 Isitish mavsumida sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq.

Is gazi (CO) rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi bo‘ladi.

Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarida, avtoulovlar turar parklarida, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarida, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan isitiladigan uylar, hammomlarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanishi mumkin.

Is gazi nafas a’zolari orqali organizmga ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma — karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalariga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa — anoksiyaga olib kelishi hamda shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;

nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;

gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz ballonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;

havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablarga ko‘ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg‘i (gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi hosil bo‘ladi.

Tuman Favqulodda vaziyatlar bo“limi is gazi vujudga kelishi sabablariga yo‘l qo‘ymaslik va undan zaharlanmaslik choralarini ko‘rishga chaqiradi.

Jumladan, gaz plitasidan binoni isitish va uning ustida kiyimlarni quritish, shuningdek plitani nazoratsiz yoqilgan holatda qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, bundan tashqari, gaz sizib chiqayotganini ochiq olov, masalan gugurt chaqib tekshirib ko‘rish mumkin emas. Gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirmaslik lozim.

Agarda binoda gaz hidi sezilsa, oyna va eshiklarni zudlik bilan ochish, ko‘chaga chiqish va 104 raqami orqali gaz ta’minoti avariya-dispecherlik xizmati  101 yoki 1050 qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish kerak. Bunday holatlarda chiroq, olov yoqish, elektr uskunalarni ishga tushirish taqiqlanadi.

J.Eshbayev,

tuman FVB boshlig`i o`rinbosari, mayor.


Tags

Отправить комментарий

0Комментарии
Отправить комментарий (0)
To Top